Пресс-служба

Yoshlarga byudjetdan qanday subsidiya va kompensatsiyalar to‘lab beriladi?


15 ноября 2021 г. 12:03 2287

O‘zbekistonda yoshlar uchun qanday imtiyoz va subsidiyalar bor? Ular haqida qayerdan batafsil maʼlumot olish mumkin? Ushbu maqolada siz yoshlarga Davlat byudjetidan to‘lanadigan subsidiyalar, kompensatsiyalar va boshqa imtiyozlar haqida maʼlumot olasiz.


2021 yilning sentyabr oyidan boshlab Moliya vazirligi subsidiya platformasini ishga tushirdi. Unda har bir yo‘nalish bo‘yicha davlat byudjetidan to‘lab beriladigan subsidiyalar haqida maʼlumot olish mumkin.


Buning uchun subsidiya.mf.uz maxsus elektron platformaga kiriladi.



Platformada «Subsidiyalar beruvchi tashkilotlar» ro‘yxati mavjud. Shu ro‘yxatdan Yoshlar ishlari agentligini tanlab, kimlarga qanday tarzda subsidiyalar berilishi borasida qonunchilikda mavjud normalar bilan tanishishingiz mumkin bo‘ladi.



Portal maʼlumotlari asosida yoshlarga ajratiladigan subsidiya va kompensatsiyalar quyidagilar:

— Yoshlarni tadbirkorlikka va kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha nodavlat taʼlim tashkilotlariga sarflangan xarajatlarining 75 foizigacha qismini (bir oy uchun BHMning 4 baravarigacha, ikki oy uchun 8 baravarigacha, ikki oydan ortiq 12 baravarigacha) qoplab berish;

— «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarga urug‘lik va ko‘chatlar sotib olish uchun (BHMning 8 baravarigacha) subsidiya ajratish;

— mamlakatimizdagi OTMlarda taʼlim olayotgan "Temir daftar"ga kiritilgan oilalar farzandlarining to‘lov-kontrakt summasining 50 foizigacha (BHMning 50 baravarigacha) to‘lab berish;

— «Temir daftar»ga kiritilgan oilalarning ahvoli og‘ir bo‘lgan bemor farzandlariga mamlakatda yoki xorijiy davlatlarda davolanish bilan bog‘liq xarajatlarni (BHMning 50 baravarigacha) qoplab berish;

— psixologik maslahatga muhtoj yoshlarga nisbatan ixtisoslashgan NNTlar hamda NTTlar tomonidan pulli psixologik xizmat ko‘rsatilishi bilan bog‘liq xarajatlarni qoplab berish;

— «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarga, jumladan, yosh oilalarga turar joy ijarasi kompensatsiya qilish;

— yoshlarning isteʼdodlarini qo‘llab-quvvatlash, besh muhim tashabbusni ro‘yobga chiqarish va uning doirasidagi tadbirlarni moliyalashtirish;

— «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyati hamda o‘zini o‘zi band qilish maqsadida noturar joyning 12 oygacha ijara xarajatlarini qoplab berish;

— «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash hamda o‘zini o‘zi band qilishga zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya ajratish;

— haydovchilik kurslarida o‘qish;

— safarbarlik rezervi xarajatlari subsidiyasi.

Yuqoridagi subsidiyalar Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan tasdiqlangan. O‘zingizga qiziq bo‘lgan subsidiya haqida ko‘proq maʼlumot olish uchun kiritilgan havolaning ustiga bossangiz kifoya.


Subsidiya olish uchun nima qilish lozim?

Platforma orqali onlayn ariza qoldirasiz. Ariza qoldiruvchi yuridik, jismoniy shaxs yoki ehtiyojmand xotin-qizlar uchun subsidiyalardan biri hamda yo‘nalishga oid tashkilot nomini tanlashi kerak bo‘ladi.



Yoshlarga oid subsidiyalardan birini olmoqchi bo‘lsangiz, birinchi qatorga «jismoniy shaxslarga», vazirlik yoki idora nomiga Yoshlar ishlari agentligini kiritasiz. Shunda platforma yoshlarga oid subsidiyalarni chiqarib beradi. Shulardan birini tanlaysiz. Lekin unutmang, har bir subsidiya yoki kompensatsiya kimlarga to‘lab berilishi haqida Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorini ko‘rib chiqing. Qarorga havola subsidiyalar nomining pastida berilgan.

Shuningdek, platformaga oid shikoyatlarni «shikoyat qoldirish» bo‘limi orqali yozib yuborishingiz mumkin.



Похожие новости