Matbuot xizmati

“Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish” mavzusida yoshlar huquqlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan jahon konferensiyasi o‘z nihoyasiga yetdi


13-Avgust, 2021-yil 16:22 696

Yalpi majlis va sessiyalarda muhokama qilinayotgan dolzarb masalalar:

- COVID-19ning zaif yoshlar guruhlariga ta’siri sharoitida yoshlarning barqaror rivojlanish va milliy barqaror rivojlanish maqsadlaridagi rolini oshirish;


- yoshlar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish samaradorligini oshirish hamda ularning ijtimoiy va siyosiy faoliyatdagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash;


- yoshlar huquqlarini himoya qilish va targ‘ib etish uchun mavjud bo‘lgan xalqaro va mintaqaviy vositalar va mexanizmlarni takomillashtirish;


- sifatli ta’lim va sog‘liqni saqlash imkoniyatlaridan foydalanishni ko‘proq qo‘llab-quvvatlash;


- yoshlarning munosib va samarali ish bilan ta’minlanishiga erishish;


- gender tengsizligini o‘zgartirish va avlodlararo aloqalar o‘rnatish uchun yoshlar yetakchiligi.


Ta’kidlash o‘rinliki, bugun dunyoda yosh avlod misli ko‘rilmagan darajada ko‘pchilikni – 2 milliarddan ziyodni tashkil qilmoqda. Bu insoniyat tarixida yoshlar sonining eng yuqori ko‘rsatkichidir. Jahondagi yoshlarning qariyb 90 foizi rivojlanayotgan mamlakatlarda istiqomat qiladi va ular sayyoramiz aholisining salmoqli qismidir.


So‘nggi yillarda BMT doirasida birgina yoshlar masalalariga doir 10 dan ortiq xalqaro hujjat qabul qilindi.


Jahon yoshlarining talab-ehtiyojlarini qondirish, salohiyatini mustahkamlash va huquqlarini to‘laqonli ta’minlash uchun BMTning “Yoshlar – 2030” yoshlar strategiyasi ishlab chiqildi.


Mamlakatimizda ham yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor tamoyillaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, so‘nggi besh yilda bu borada qator qonunlar, Prezidentning o‘nlab farmonlari, qarorlari va hukumat hujjatlari qabul qilindi.


Shu o‘rinda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi va 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini 2021 yil – Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi, shuningdek Prezidentimizning beshta muhim tashabbusi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni alohida qayd etish joiz.


Shuningdek, joriy yilning yanvar oyida O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi.


2017 yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya tuzildi, 2020 yildan boshlab Oliy Majlis palatalari qoshida Yoshlar parlamentlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.


Yoshlar ishlari agentligi va Bosh vazir raisligida Yoshlar masalalari bo‘yicha idoralararo kengash ish boshladi.


Mamlakatimizda 30 iyun – Yoshlar kuni, deb e’lon qilindi.


O‘z navbatida, yurtimizda o‘tkazilayotgan “Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish” mavzuidagi xalqaro konferensiya yoshlar huquqlarini nafaqat milliy, balki mintaqaviy va xalqaro darajada himoya qilishda keng imkoniyatlar yaratadi.


“Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish” mavzusida yoshlar huquqlari bo‘yicha o‘tkazilgan jahon konferensiyasi jarayonidan fotolavhalarni ushbu havola orqali tomosha qiling.


Shu mavzuga oid yangiliklar