Matbuot xizmati

Agromarafon mayog‘i yoshlar qo‘lida


28-Oktabr, 2021-yil 22:21 485

Fermer xo‘jaligi rahbari, qisqa qilib aytganda, fermer bizning tasavvurimizda, yoshi katta, tizzasigacha chiqadigan etik kiyib, daladan beri kelmaydigan, doim loy kechib yuradigan inson qiyofasida gavdalanardi. Bu bir necha yillar oldingi tasavvur. Hozir bari aksincha. Eng chekka qishloqlarda ham katta-katta xo‘jaliklarni boshqarib, klasterga aylantirayotgan, mahsulot yetishtirishdan, qayta ishlashgacha bo‘lgan jarayonni ilg‘or bilim va texnologiyalar asosida olib borayotgan fermerlarimiz bugun zamonaviy sohaga aylanib borayotgan qishloq xo‘jaligining yetakchi agrobiznes vakili sifatida namoyon bo‘lmoqda.


Bu yo‘nalishda, ayniqsa, yoshlar safi kengayib borayotgani ayni muddao. Har bir hududda o‘nlab, yuzlab yosh fermer, yosh dehqonlarni uchratish odatiy holga aylandi. Raqamlarga eʼtibor qaratadigan bo‘lsak, ayni dam yurtimizda 27 mingdan ortiq yosh dehqonlar hamda 11 mingdan ziyod fermer yigit-qizlar faoliyat yuritmoqda. Ular mamlakat iqtisodiyoti rivoji, aholi bandligini taʼminlash, ichki bozorga arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishda sezilarli hissa qo‘shyapti.


Ana shunday faol yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, sohaga qiziqishi bo‘lgan yigit-qizlarga tajriba saboqlarini berish, qishloq xo‘jaligiga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, raqamlashtirish jarayonini intensivlashtirish, tarmoq vakillarini ulardan xabardor etish hamda dehqon va fermerlarning tizimga oid bilim va ko‘nikmalarini oshirish mamlakatimizda muhim vazifalardan biriga aylangan. Shu maqsadda, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston yosh fermerlar Kengashi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan yurtimizda ilk bor “Agromarafon” motivatsion loyihasi tashkil etilib, ayni paytda respublikamiz bo‘ylab o‘z ishini olib bormoqda.


Marafonning dastlabki bosqichiga 28 sentyabr kuni Toshkent viloyatida start berildi. Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan “AKIS” markazida o‘tgan ochilish marosimida 300 ga yaqin yosh fermerlar va dehqonlar, qishloq xo‘jaligi sohasiga qiziqadigan yosh tadbirkorlar hamda Toshkent davlat agrar universiteti talabalari jam bo‘ldi. Ular shu yerning o‘zida malakali mutaxassislar ishtirokida o‘tgan uchrashuvlar, treninglarda qatnashdi, sohani rivojlantirishda qo‘l keladigan dunyodagi ilg‘or tajriba va zamonaviy vositalar bilan tanishdi.


“Agrobiznesda menejment” maxsus treningi doirasida zamonaviy agrokorxonalarning tajribali vakillari ham ishtirok etdi. Xususan, “Teodora Goods” kompaniyasi direktori Dildora Otajonova, “Mevali” kompaniyasi direktori Mansur Raximov, “Fruit house Organics” va “Norchontol” kompaniyasi asoschisi, bog‘dorchilik bo‘yicha maslahatchi Shuxrat Abrorov, Agrobloger va tadbirkor Oybek Qosimov, BMT huzuridagi Global tuproq hamkorligining O‘zbekistondagi koordinatori, tuproqshunos Shavkat Xoldorovlar yoshlar bilan o‘z muvaffaqiyat tarixlari, shaxsiy tajribada sinovdan o‘tgan tavsiyalari bilan o‘rtoqlashib, qishloq xo‘jaligi sohasidagi tadbirkorlik faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari haqida so‘zlab berishdi.


— Ushbu marafon agrar sohada faoliyat yuritayotgan yoki endi ish boshlash istagidagi yigit-qizlar, yuqori natijalarga erishgan agrotadbirkorlar, yosh dehqon va fermer uchun katta motivatsiya bera oladigan qulay platforma, tajriba almashinuv maydonchasi bo‘lib xizmat qilmoqda, — deydi “Agromarafon” loyihasi muallifi, O‘zbekiston yosh fermerlar Kengashi raisi Mahmud Inoyatov. — Loyiha doirasida respublika bo‘ylab 10 000 dan ortiq yoshlar uchun 30 dan ziyod motivatsion uchrashuvlar tashkil etish ko‘zda tutilgan. 210 daqiqa davom etadigan mazkur uchrashuvlarda soha mutaxassislari, agrotadbirkorlar tomonidan yoshlarga eng zamonaviy vositalar yordamida qishloq xo‘jaligiga doir muhim mavzularda bilimlar berilmoqda. Quvonarlisi, hududlarda yigit-qizlar ushbu marafonga yuqori qiziqish bildirib, faol qatnashyapti.


Marafonning ilk mayog‘i Toshkent viloyatida ko‘tarilgani bejiz emas. Boisi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan bu hududda sohani rivojlantirish imkoniyatlari ancha yuqori. Viloyatdagi barcha tarmoqlarda klaster tizimi keng joriy etilmoqda. Xususan, 2018—2021 yillarda 50 ta agroklaster faoliyati yo‘lga qo‘yilib, bugungi kunda yalpi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 20,5 foizi ular tomonidan tayyorlanmoqda. Natijada so‘nggi 5 yilda tarmoqda 31,5 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.


Ayniqsa, meva-sabzavotchilik klasterlari soni bo‘yicha hudud respublikada yetakchilik qilmoqda. Bir yil ichida viloyatda 190 million AQSH dollari miqdorida investitsiyalar jalb qilish hisobiga 24 ta shunday klaster faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Tahlillarga ko‘ra, 2020-2021 yillarda meva-sabzavotchilik klasterlari tomonidan o‘tgan davrga nisbatan mahsulot yetishtirish hajmi 115,6 foizga oshganini kuzatish mumkin. Eʼtiborlisi, ular tomonidan 35,4 million dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilindi.


Hududda qishloq xo‘jaligining boshqa yo‘nalishlari ham jadal rivojlanyapti. Aholi, ayniqsa, yoshlar agrotadbirkorlikning yangi turlarida o‘zlarini sinab ko‘rmoqda. Javohir Majidov ham imtiyozli kredit olib, “chuvalchang biznesi” nomi bilan mashhur bo‘lgan faoliyatga qo‘l urdi. Marafonda katta motivatsiya olgan yosh yigit kelgusida o‘zi boshlagan ishni yana-da kengaytirib, bu orqali kimyoviy o‘g‘itlardan zararlangan yerlarni maxsus chuvalchanglar yordamida tozalash, tuproq unumdorligini oshirishni masad qilgan.


“Yangi g‘oyalar olyapmiz”


Respublika bo‘ylab 300 ga yaqin mutaxassislar jalb etilgan “Agromarafon”ning keyingi manzili Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani bo‘ldi. 7 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan loyiha tadbirlarlarida 300 dan ziyod yoshlar ishtirok etdi. Uchrashuvlardan avval marafon jamoasi va yigit-qizlar tumandagi “Kashfiyotchi yoshlar” issiqxonasiga agro sayohat qildi. Bu yerda zamonaviy gidroponika usuli joriy qilingan. Ishtirokchilar orasida kimdir issiqxonadagi yangi innovatsiyalar, texnologiyalarni ko‘rib, ularning qanday ishlashi bilan qiziqqan bo‘lsa, yana kimdir ana shunday loyihani o‘zi ham amalga oshirishni maqsad qildi.


Marafonning keyingi kuni esa Xorazm viloyati Urganch tumanidagi “O‘zbek—Turkman do‘stligi” uyida ko‘tarinki ruhda davom etdi. Unda qishloq xo‘jaligiga qiziqadigan va shu sohada faoliyat olib borayotgan 250 nafar yosh jam bo‘ldi. Uchrashuvlar, motivatsion terininglar yoshlarning kelgusi faoliyatida qo‘l kelishi turgan gap.


Shundan so‘ng, agro marofonchilar vodiy tomon yo‘l oldi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda bu hudud yaxshigina tajribaga ega. So‘nggi yillarda mahsulotlarni eksport qilishda ham ularning imkoniyatlari oshib bormoqda.


Andijon viloyatida 350 nafar yosh ishtirokida o‘tgan “Agromarafon” keyingi kuni o‘z ishini Namanganda davom ettirdi. Uchrashuvlarda mutaxassislar 200 dan ortiq yigit-qizga sohaga oid bilim va tavsiyalar berdi.


Maʼlumotlarga ko‘ra, o‘tgan davr mobaynida yoshlarni qishloq xo‘jaligida band qilish maqsadida namanganlik 31 ming nafardan ortiq yigit-qiz uchun 6,5 ming gektarga yaqin maydonlar ajratilgan. Shundan 21 ming nafari “Yoshlar daftari”da turgan vakillar edi. Bugun ular o‘zini-o‘zi band qilib, yaxshigina daromad topmoqda.


Farg‘ona viloyatida ham bu ishlar ko‘ngildagidek ketmoqda. Joriy yil hududda yangi o‘zlashtirilgan va g‘alladan bo‘shagan 5 864 gektar yer maydonlarini 20 sotixdan 50 sotixgacha bo‘lib berish orqali 39 105 nafar yoshlar bandligi taʼminlandi. Marafonning navbatdagi manzili — Farg‘onada 19 ta tuman-shaharda “Har bir yoshga — bir gektar” loyihasi asosida yer olib, dehqonchilik bilan shug‘ullanayotgan, sohaga qiziqishi bo‘lgan yoshlar bir nuqtada jam bo‘ldi.


— Biz — yoshlarga yer berilib, bandligimiz taʼminlanayotganidan juda xursandmiz, — deydi farg‘onalik Sanjarbek Tohirov. — Bu o‘z tadbirkorligimizni boshlashimiz uchun katta imkoniyat. Biroq, ishni endi boshlaganimiz bois, hali yetarli bilim, ko‘nikma, tajribaga ega emasligimiz ham rost. Bu borada bizga mutaxassislar maslahatlari qo‘l kelyapti. O‘zimizga kerakli maʼlumotlar, “yangi g‘oyalar” olyapmiz. “Agromarafon”da ham ular yerga urug‘ qadashdan to eksportgacha bo‘lgan jarayonlarni tushuntirdi. Yirik agrotadbirkorlar o‘z faoliyati va erishgan yutuqlari bilan ham o‘rtoqlashdi. Bu yil kartoshka va mosh hosilidan 18 million so‘m daromad topgan bo‘lsam, marafondan olgan bilimlarim asosida kelgusida yerdan yana-da unumli foydalanib, hosil va daromadimni bir necha barobar oshirishni maqsad qildim.


Marafon yoshlarning o‘zlariga bo‘lgan ishonchlarini ham mustahkamlamoqda. Hozirda motivatsion loyiha tashabbuskorlari 3-4 noyabr kunlari Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida o‘tadigan ushrashuvlarga hozirlik ko‘rmoqda. Shundan so‘ng “Agromarafon” to dekabr boshiga qadar boshqa hududlarda davom etadi.


Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri





Shu mavzuga oid yangiliklar