Matbuot xizmati

Oliy Majlis Senati delegatsiyasi AQSHning «Atlantika kengashi»da brifing o‘tkazdi


28-Sentabr, 2021-yil 17:45 550

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev hamda O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa'dullayev AQSHga tashrif davomida «Atlantika kengashi» tahliliy markazida bo‘lib o‘tgan brifingda ishtirok etdi.


O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasidan ma’lum qilinishicha, «Atlantika kengashi» 1961 yilda Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti qoshida tashkil etilgan tahliliy markaz hisoblanadi. Kengash o‘nta mintaqaviy markaz va funksional dasturlarni, jumladan, xalqaro xavfsizlik, demokratik o‘zgarishlar va global iqtisodiyotga ixtisoslashgan Yevroosiyo markazini boshqaradi.


Tadbir O‘zbekistondagi islohotlar va ularning borishi, ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyat bilan bog‘liq mintaqaviy xavfsizlik muammolarini muhokama qilishga bag‘ishlandi.


Brifingda AQSH Prezidentining sobiq yordamchisi, yangi Amerika xavfsizlik markazi Hind-Tinch okeani dasturi direktori (CNAS) Lisa Kurtis, davlat kotibining sobiq o‘rinbosari, Skoukroft strategiya va xavfsizlik markazi rahbari, elchi Paula Dobryanski ma’ruzachilar sifatida ishtirok etdi. Anjumanga «Atlantika kengashi»ning Yevroosiyo markazi direktori, AQSHning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Jon Xyorbst boshlovchilik qildi.


Brifingda Oq uy, Davlat departamenti, AQSH mudofaa vazirligi rasmiylari, sobiq kongressmen va diplomatlar, shuningdek, nufuzli ekspert-tahlil va siyosat doiralari vakillari onlayn tarzda qatnashdi.


Tadbir davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, jamiyatni siyosiy va iqtisodiy modernizatsiyalashni chuqurlashtirish jarayonlari, O‘zbekistonda bo‘lajak Prezident saylovining ahamiyati va ularni xalqaro me’yorlarga muvofiq o‘tkazishga qaratilgan sa’y-harakatlar hamda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlar haqidagi atroflicha ma’lumot taqdim etildi.


SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining 17 sentabr kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan sammitida hamda 21 sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan bayon etilgan mintaqadagi vaziyatni rivojlantirish va Afg‘oniston muammosini hal etish yo‘lidagi birgalikdagi sa’y-harakatlar bo‘yicha O‘zbekiston nuqtai nazari alohida qayd etildi.


Lisa Kurtis o‘tgan yillar davomida o‘zaro do‘stlik va strategik aloqalarni mustahkamlashda Toshkent va Vashington muhim natijalarga erishganini ta’kidladi. «Mamlakatda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida ulkan o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Tobora ochilib borayotgan iqtisodiyotning guvohi bo‘layapmiz. O‘zbek xalqi farovonligini oshirishga qaratilgan siyosiy islohotlar bo‘yicha tashabbuslar ilgari surilmoqda».


O‘zbekiston mintaqaviy integratsiya jarayonlarining drayveri sifatida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kengaytirishni mustahkamlayotgani ta’kidlandi.


Ishtirokchilar Afg‘onistonni inqirozdan keyingi qayta qurish uchun iqtisodiy rag‘batlantirish, jumladan, O‘zbekiston tashabbusi bilan Transafg‘on temir yo‘lining qurilishi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha fikr almashdi.


AQSH Prezidentining sobiq yordamchisi joriy yil yanvar oyida Toshkentda AQSH xalqaro taraqqiyot Moliya korporatsiyasi (DFC) bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo investitsiya fondini yaratish bo‘yicha erishilgan kelishuvning ahamiyatini ta’kidladi. Shu munosabat bilan u Jo Bayden ma’muriyatini oshkoralik va moliyaviy barqarorlik standartlariga javob beradigan xususiy sektorni jalb qilgan holda mintaqadagi yirik infratuzilma loyihalarini ilgari surish maqsadida ushbu tashabbusning barvaqt ishga tushirilishini ta’minlashga chaqirdi. Elchi Paula Dobryanskiy o‘z manfaatlaridan kelib chiqqan holda barcha yirik davlatlar bilan muvozanatli aloqalarni saqlab turgan O‘zbekistonning konstruktiv tashqi siyosatini ma’qulladi.


Brifing ishtirokchilari O‘zbekistonning yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash siyosati, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyatni hal etish yondoshuvlariga qat’iy sodiqligini mamnuniyat bilan qarshi oldi.


Shu mavzuga oid yangiliklar