Blog

Dostonbek Nuraliyev: “Hech qaysi oʻlka oʻzingiz tugʻilgan vatandek boʻla olmaydi!..”


July 3, 2020, 9:38 p.m. 3790

Xabaringiz bor, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi muassisligidagi “Yoshlar media markazi” NNT chet elda tahsil olayotgan, ilmiy izlanishlar qilayotgan hamyurtlarimiz bilan yaqindan muloqot olib borish maqsadida “Xorijdagi vatandoshlar” loyihasini amalga oshirib kelmoqda.

 

Loyihamizning navbatdagi qahramoni Buyuk Britaniyadagi Heriot-Watt universitetining magistratura bosqichida tahsil olayotgan hamyurtimiz Dostonbek Nuraliyev boʻldi.

 

— Dostonbek keling , siz bilan yaqindan tanishib olsak?

 

Andijonda oʻqituvchilar oilasida tugʻilganman. Aniq fanlarga bolalikdan qiziqqanim bois fizika va matematikaga ixtisoslashtirilgan maktabda oʻqidim.

 

Shuningdek, ingliz tilini yaxshi oʻrganganim Toshkentdagi Turin politexnika universitetiga “GM-Uzbekistan” qoʻshma korxonasi hamkorligidagi grant loyihasi asosida talabalikka qabul qilindim. Oʻqishni muvaffaqiyatli tamomlab “GM-Uzbekistan” qoʻshma korxonasida muhandis-texnolog mutaxassisligida xizmat qildim.

 

— Nima uchun aynan magistraturani xorijda oʻqiyapsiz?

 

— Korxonadagi qariyb ikki yillik mehnat faoliyatim davomida bakalavr bosqichida olgan bilimlarimni amaliyotda qoʻllash, doʻstlar orttirish va tajriba toʻplashga muvaffaq boʻldim. Shunga qaramay soham boʻyicha oʻz bilimlarimni chuqurlashtirishim zarur edi. “Erasmus Mundus” dasturining magistratura grantiga hujjat topshirdim. Aynan bu grant dasturini tanlashimga sabab “Smart Systems Integration” yaʼni smart texnologiyalari yoʻnalishi boʻldi. Chunki aynan bu soha hozirda, nafaqat Oʻzbekiston, balki dunyoning boshqa yetakchi davlatlarida ham alohida ahamiyat kasb etmoqda.

 

Bundan tashqari, mazkur grant dasturi orqali Yevropaning Vengriya, Norvegiya va Shotlandiya davlatlarining nufuzli universitetlarida bir semestrdan tahsil oldim. Magistratura dissertatsiyamni himoya qilish uchun Buyuk Britaniya (Shotlandiya) davlatidagi Heriot-Watt universitetini tanladim. Shu yilning avgust oyida magistrlik dissertatsiyamni himoya qilaman.

 

— Yevropada qariyb ikki yildan buyon yashab, yevropa davlatlarining qanday oʻziga xos xususiyatlariga guvoh boʻldingiz?

 

— Yevropaning nufuzli universitetlarida oʻqib, mazkur mamlakatlar oliy taʼlim muassasalaridagi talabalarga yaratilgan sharoitlar havas qilarli darajada Yuqori taʼlim sifatini taʼminlash uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Masalan, bepul va tez ishlovchi internet, 24 soat davomida xizmat koʻrsatuvchi kutubxonalar, zamonaviy qurilmalar bilan jihozlangan laboratoriyalar shular jumlasidan. Yurtimizdagi taʼlim muassasalarida ham aynan mana shunday imkoniyatlar boʻlishini juda xohlayman. Oʻylashimcha, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbus asosida mamlakatimizda taʼlim sifati ham rivojlanadi.

 

—Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyati haqida nimalar deya olasiz?

 

— Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini internet nashrlari orqali kuzatib borishga harakat qilaman. Ayniqsa, tashkilot tomonidan oʻtkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon” tanlovini eʼtirof etgan boʻlardim. Boisi oldinlari koʻpincha sport boʻyicha musobaqalarga koʻproq eʼtibor qaratilgan. Lekin, bir necha yildan buyon tashkilotning kitobxonlik borasidagi faol targʻiboti yoshlarning dunyo qarashini kengaytirishga xizmat qiladi, deb hisoblayman.

 

— Magistraturani tamomlaganigizdan keyingi rejalaringiz qanday?

 

— Magistraturani kuzda tugatib Oʻzbekistonga qaytaman. Ochigʻi, bu qarorimni eshitgan doʻstlarim “Londonda yashash yoqmadimi?” deb ajablanib soʻramoqda. Nafaqat London, balki Yevropaning Parij, Rim, Budapesht, Oslo va AQSHning Nyu-York, Kembrij shaharlarida yashadim. Anglab yetganim – hech qaysi oʻlka oʻzingiz tugʻilgan Vatandek boʻlolmaydi. Shuning uchun albatta Andijonga qaytaman. Ona shahrimdagi rejalarim esa, Andijon Mashinasozlik institutida oʻqituvchi sifatida yoshlarga xorijda oʻrgangan bor bilim va tajribalarimni oʻrgatishdir.

 




Other blogs