Возможности

O'zbekiston delegatsiyasi Qirg‘izistonda o'tkazilgan “Hamdo‘stlik bolalari” VII xalqaro yoshlar forumida ishtirok etdilar


5 июля 2022 г. 22:38 892

Joriy yilning 26-iyunidan 5-iyuliga qadar Qirg‘iziston Respublikasining Issiqko‘l sohilida “Hamdo‘stlik bolalari” VII Xalqaro madaniy-ma’rifiy forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir an’anaviy tarzda MDH Parlamentlararo Assambleyasi va Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi tomonidan tashkil etildi.


Bu yilgi Xalqaro forum “Umumiy tarix – bir taqdir” shiori ostida bo‘lib, unda Hamdo‘stlikning yetti davlati: Armaniston Respublikasi, Belarus Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Moldova Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasidan 700 ga yaqin maktab o‘quvchilari va ularning murabbiylari ishtirok etishdi.

Loyihaning asosiy maqsadi bolalar va yoshlarni yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik ruhida tarbiyalash uchun xalqaro platforma yaratishdan iborat.


Ushbu forumda O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida respublikamizning Qashqadaryo, Samarqand, Namangan va Toshkent shahridan jami 7 nafar o‘quvchilar, 1 nafar kuzatuvchi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati mas’ul xodimi ishtirok etdilar.


Mamlakatimiz o‘quvchilari yangi do‘stlariga Vatanimiz tarixi va an’analari haqida so‘zlab berdilar, O‘zbekiston xalq hunarmandchiligini namoyish etdilar. Shuningdek, bolalar Andijon polkasi, Buxoro va boshqa O‘zbek milliy raqs namunalarini ijro etish orqali tengdoshlarini mamlakatimizning boy madaniyati bilan tanishtirishdi. O‘zbekistonlik yoshlarning chiqishlari forum ishtirokchilari tomonidan iliq kutib olindi.


Shuningdek, forum doirasida bolalar uchun sport o‘yinlari, sayohatlar, munozara o‘yinlari, ijodiy seminarlar, kvestlar, musiqiy flesh-moblar va madaniy dasturlar tashkil etildi. Seminarlar davomida bolalarning huquq va majburiyatlari, ekologiya, xalqaro hamkorlik, xavfsizlik, madaniyat, turizm va volontyorlik mavzularida taqdimotlar o‘tkazildi.

Eslatib oʻtamiz, “Hamdoʻstlik bolalari” xalqaro madaniy-maʼrifiy forumi an’anaviy tarzda 2013-yildan buyon o‘tkazilib kelinmoqda.


Похожие новости