Возможности

Xalqaro Debat chempionatining saralash bosqichi o‘yinlari o‘tkazildi!


10 октября 2022 г. 15:28 312

Ushbu musobaqa Yoshlar ishlari agentligi, Islom Hamkorlik Tashkilotining Yoshlar forumi (ICYF-ERC) Yevroosiyo mintaqaviy markazi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash markazi hamda Toshkentdagi Xalqaro Westminister universiteti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Musobaqada Oliy ta’lim muassasalaridan saralab olingan quyidagi 8 ta eng faol va iqtidorli jamoalar ishtirok etishdi:

Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti

Toshkentdagi TMC instituti

Toshkent shahridagi INHA universiteti

Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti

Toshkentdagi Webster universiteti

Toshkentdagi Amity universiteti

Toshkent Davlat Yuridik universiteti

Musobaqaning eng ahamiyatli jihatlaridan biri shundaki, g‘olib jamoa Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Xalqaro debat musobaqasida O‘zbekiston jamoasi nomidan ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Shuningdek turnirning ilk marotaba tashkil etilishi va ingliz tilida o‘tkazilishi jamoalar uchun haqiqiy munozara maydonini yaratishda alohida ahamiyatli bo‘ldi.

Musobaqa davomida jamoalar bugungi kunda global hamda insoniyat hayotidagi eng dolzarb bo‘lgan mavzular quyidagi mavzular yuzasidan bahs olib bordilar.

1.    Sun’iy intellektning rivojlanishi insoniyatga yordam beradi.

2.    Bitcoin va boshqa kriptovalyutalarni rag‘batlantirish kerak.

3.    Zamonaviy texnologiyalar ishsizlikni keltirib chiqaradi

4.    Texnik taraqqiyot inson hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi

 

O‘yinning eng murakkab jarayonlaridan biri esa  jamoalar bir vaqtning o‘zida bir mavzu bo‘yicha ham tasdiq ham inkor pozitsiyalariga tayyor bo‘lishlari hamda 10 daqiqa ichida tanlangan pozitsiyaga muvofiq o‘z o‘yin rejalarini tuzib, bir soat davomida apponent jamoa bilan munozara olib borishlari va o‘z pozitsiyalarini himoya qilishlari talab etiladi.

Ketma-ket bo‘lib o‘tgan 7 ta munozara o‘yinlari davomida hakamlar hay’atining tekshiruvi va xulosalariga muvofiq, saralash turnirining mutlaq g‘olibi aniqlandi.

G‘olib bo‘lgan jamoa Toshkent Davlat Yuridik universitetining talabalari bo‘lib, ular 2023-yilda o‘tkaziladigan Xalqaro Debat chempionatiga yo‘llanma hamda tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Bundan tashqari umumiy o‘yin davomida eng kuchli deb topilgan notiqlarga alohida “Eng yaxshi notiq” nominatsiyasida statuetkalar topshirildi.

Taqdirlash marosimida Islom Hamkorlik Tashkilotining (IHT) Yoshlar forumi (ICYF-ERC) Yevroosiyo mintaqaviy markazi direktori Vusal Gurbanovning onlayn tabrigi yuborildi. Shuningdek, g‘olib va faol ishtirok etgan barcha talabalar va tashkilotchilarga Yoshlar ishlari agentligining diplomlari va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Birinchi bora o‘tkazilishiga qaramay, talabalardagi o‘yinga bo‘lgan qiziqish va ishtiyoq tadbirga takrorlanmas kayfiyat bera oldi. Talabalarning talab va istagiga ko‘ra ingliz tilida ham debat o‘yinlarini tashkil etishni tizimli ravishda ko‘rib chiqish uchun tashkilotchilarga tavsiyalar berildi.

Albatta, bu kabi munozara o‘yinlarining tashkil etilishi nafaqat yoshlarda notiqlik qobiliyatlarining rivojlanishi balki, o‘z fikrlarini, bilimlarini chet tillarida ham dunyo minbarlarida turib himoya qilishlari uchun ajoyib mahorat maydonini yaratadi. Eng muhimi, yoshlarda tanqidiy fikrlash, o‘z pozitsiyalarini himoya qilish, qisqa muddatlarda qaror qabul qilish, keskin vaziyatlarda ham o‘z fikrlarini tartibli tarzda yetkaza olish kabi sifatlarni rivojlantiradi.

Bir kun davomida bo‘lib o‘tgan saralash va final o‘yinlari o‘z nihoyasiga yetdi va oliy ta’lim muassasalarining talabalari uchun bu debat musobaqasi katta tajriba maydonini yaratdi. 


Похожие новости