Imkoniyatlar

Gʻarbiy Osiyo chempionati gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi


25-Iyul, 2022-yil 18:12 636

Gʻarbiy Osiyo chempionati gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi


Avval xabar berganimizdek, 15-23-iyun kunlari Maldiv Respublikasida 8 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan shaxmatchilar oʻrtasida Gʻarbiy Osiyo chempionati oʻtkazildi. Chempionatda oʻzbekistonlik shaxmatchilar 10 ta oltin, 8 ta kumush va 5 ta bronza medallarini jamgʻarib, umumjamoa hisobida Hindistonlik tengqurlaridan soʻng faxrli 2-oʻrinni egalladi.

Bugun shu munosabat bilan poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida nufuzli musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etgan shaxmatchilarni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.


Tadbirda Yoshlar ishlari agentligi direktori, Shaxmat federatsiyasi raisi Alisher Saʼdullayev, Shaxmat federatsiyasi masʼul xodimlari, chempionatning gʻolib va sovrindorlari, ularning ota-onalari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Shaxmatchilar Gʻarbiy Osiyo chempionatida qayd etgan natijalariga mos ravishda Yoshlar ishlari agentligi va Shaxmat federatsiyasi tomonidan pul mukofoti va vaucherlar bilan taqdirlandi. Jumladan, chempionatda uchta oltin medalni qoʻlga kiritgan Umida Omonova, Afruza Hamdamova, Abdumajid Botiraliyev 31 million, 3 ta kumush medal jamgʻargan Muhiddin Madaminov 22 million va yana 7 ta yosh sportchimiz 4 milliondan 15 million soʻmgacha boʻlgan pul mukofotlari bilan ragʻbatlantirildi. Taʼkidlash lozim, yosh yigit-qizlarimizning jahon arenalarida munosib ishtirokini taʼminlashga katta hissa qoʻshayotgan 3 nafar shaxmat murabbiylariga ham esdalik sovgʻalari topshirildi.


Shundan soʻng, Shaxmat federatsiyasining oxirgi uch oylik faoliyati hamda Hindistonning Chennay shahrida boʻlib oʻtadigan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga tayyorgarlik jarayonlari yuzasidan matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda turli ommaviy axborot vositalaridan tashrif buyurgan jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.


Yoshlar ishlari agentligi Chennayda boʻlib oʻtadigan navbatdagi olimpiadada Vatanimiz shaʼnini himoya qiladigan delegatsiyamiz vakillariga omad tilaydi.


Shu mavzuga oid yangiliklar