Mustaqil hayot sari tashlayotgan ilk qadamingiz qutlug‘ bo‘lsin!
Bugun quvonchli ayyom – mamlakatimizdagi barcha maktablarda “So’nggi qo‘ng‘iroq” jaranglab, qariyb 400 ming nafar o‘quvchi yoshlarimiz yetuklik shahodatnomalarini qo‘lga olmoqda.
Shu lahzalarda barcha bitiruvchi uka-singillarimni beg‘ubor o‘quvchilik yillarini ortda qoldirib, qadrdon maktabi, mehribon ustozlari bilan xayrlashib, hayotining yangi, yanada mas’uliyatli bosqichiga qadam qo‘yayotgani bilan chin dildan tabriklayman.
Sizlar unib-o‘sish va rivojlanish uchun jiddiy raqobat maydoniga kirib kelayapsiz. Endi sizda behuda sarflash uchun ortiqcha vaqt yo‘q. Mustaqil hayotda siz uchta asosiy jihatga e’tibor berishingizni xohlar edim.
Birinchisi, hayotda o‘z oldingizga aniq maqsad qo‘ying. Masalan, til yoki kasb-hunar o‘rganmoqchi bo‘lsangiz, sizga qancha vaqt va resurs kerakligini aniq belgilab oling. O‘zingizga mahoratli va tajribali ustozlar toping.
Ikkinchisi, tinimsiz mehnat qiling. Bilim va ko‘nikmalaringizni muntazam oshirib boring. Faqat o‘z kuchingiz, bilim va salohiyatingizga ishoning.
Uchinchisi, o‘zingizda shaxsiy mas’uliyat hissini tarbiyalang. O‘zingizga ishoning, ustingizda tinimsiz ishlang. Muvaffaqiyatsizliklarda boshqalarni ayblamay, xatolar uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib, yana olg‘a intilish haqiqiy liderning (yetakchining) fazilatidir.
O‘ylaymanki, bu uch omil sizning hayotda o‘z o‘rningizni topishda katta yordam beradi. Suqrot aytganidek, inson hayotdan nima olayotganini emas, unga nima berayotganini anglasa va o‘ylasa, kamolga yetgan bo‘ladi. Men sizlarga mana shunday dunyoqarash bilan yashashdek baxtni tilab qolaman.
Sizlarni maktab ta’limini muvaffaqiyatli tugatganingiz bilan yana bir bor samimiy tabriklayman. Mustaqil hayot sari tashlayotgan ilk qadamingiz qutlug‘ bo‘lsin!
Alisher SA’DULLAYEV
Yoshlar ishlar agentligi direktori