Matbuot xizmati

Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tinglovchilariga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi


4-Avgust, 2022-yil 11:43 232

Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tinglovchilariga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi


Kecha, 3-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti 2021-2022-o‘quv yili 2-davra qayta tayyorlov kursini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga diplom topshirish marosimi o‘tkazildi. Marosimda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti direktori, siyosiy fanlar doktori, professor Aktam Jalilov hamda qator tashkilot va idora vakillari ishtirok etdi.

Ma’lumot uchun, qabul jarayonlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 4-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutiga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida”gi 336-sonli qarori asosida amalga oshiriladi. Institutning bu galgi 4 oylik o‘quv kursini tamomlagan tinglovchilarning hujjatlari Yoshlar ishlari agentligining hududiy boshqarmalari tomonidan 1-fevralga qadar qabul qilindi. Qabul komissiyasi tomonidan 400 dan ortiq nomzodlar hujjatlari tegishli tartibda o‘rganilib, 348 nafar tinglovchilikka talabgor nomzodlar Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlariga tavsiya etildi. Davlat test markazi tomonidan 18-mart kuni “O‘zbekiston tarixi”, “Iqtisodiyot nazariyasi” va “Huquqshunoslik” fanlaridan o‘tkazilgan test sinovlarida 261 nafar nomzod ishtirok etdi.

Sinovlardan 42 nafar nomzod muvaffaqiyatli o‘tdi va tinglovchi sifatida qabul qilindi. Ta’kidlash joiz, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tizimning hududiy boshqarma va tuman (shahar) bo‘limlarida faoliyat yuritayotgan 13 nafar mutaxassislar tavsiya asosida o‘quv kursiga qabul qilindi.

Institutining qayta tayyorlash kursi o‘quv rejasiga muvofiq, tinglovchilarga 2022-yil 4-apreldan boshlab, 12 hafta davomida nazariy darslar o‘tildi. Shundan so‘ng, tinglovchilar o‘quv davomida egallagan ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida 2 hafta davomida turli vazirlik, idora, hokimlik va tashkilotlarga malakaviy amaliyot o‘tash uchun yuborildi.

O‘quv jarayoni davomida tinglovchilar Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi, yoshlarga oid davlat siyosati, davlat boshqaruvining huquqiy asoslari, biznesda muloqot, geosiyosat, ijtimoiy boshqaruv texnologiyalari, liderlik mahoratini rivojlantirish, tashkiliy psixologiya, biznes boshqaruvi, inson resurslarini boshqarish, loyiha boshqaruvi asoslari, strategik menejment, axborot-tahliliy faoliyat asoslari, moliyaviy savodxonlik kabi fanlardan nazariy va amaliy bilim oldi. Tinglovchilarga nazariyani amaliyotga bog‘lagan holda darslarni tashkil etish maqsadida vazirlik, idora va tashkilotlardan, shuningdek, muvaffaqiyatli biznes vakillaridan iborat mutaxassislar dars mashg‘ulotlariga taklif etildi. Jumladan, mehmon sifatida adabiyotshunos olim Rahmon Qo‘chqor, Markaziy saylov komissiyasi raisining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Murodilla Alimbayev, notiq.uz sayti rahbari Rahimboy Jumaniyozov, Afex Group savdo menejeri Ulug‘bek Gʻaniyev, “Malevich Consulting” markazi rahbari Alisher Rustamov, “Toy bola” brendi asoschisi Anvar Abduqayumov, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari Feruz Ablayarov taklif etildi.

Belgilangan talablarga ko‘ra, 18-20-iyul kunlari tinglovchilar egallagan bilim va ko‘nikmalarini davlat talablariga muvofiqligini baholash maqsadida o‘quv ishtirokchilari tomonidan tayyorlangan bitiruv malakaviy ishlari Yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyasiga taqdim qilindi.

Hozirda tinglovchilarning xizmat lavozimlarini rivojlantirish bo‘yicha davlat va hokimiyat organlari, vazirlik, idoralar hamda jamoat birlashmalari bilan muzokaralar olib borilmoqda.


Shu mavzuga oid yangiliklar